O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-noyabrda qabul qilingan “Har yili yong‘in xavfsizligi oyligini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida 2014-yilning 20-noyabridan 20-dekabriga qadar o‘tkazilayotgan yong‘in xavfsizligi oyligi Farg‘ona viloyatida ham uyushqoqlik bilan davom etmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Bolalarni uyda qarovsiz qoldirish ko‘p hollarda yong‘in chiqishiga sabab bo‘ladi. Bunday hollarning oldini olish maqsadida soha xodimlari xonadonlarda bo‘lib, yong‘in xavfsizligi qonun-qoidalari bo‘yicha suhbatlar o‘tkazmoqda. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini targ‘ib qiluvchi 35 turdagi 25 ming nusxada plakat va eslatmalar joylarga tarqatildi.
Viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi qoshida tashkil etilgan “Yong‘in xavfsizligi xizmatining ilg‘or tajribalarini targ‘ib etish markazi” bolalarga yong‘in xavfsizligi qoidalari haqida batafsil ma’lumot bermoqda. Markazda yong‘inni keltirib chiqaradigan omillar, daliliy ashyolar, yong‘in sodir bo‘lganda dastlabki harakatlar hamda yong‘in xavfsizligi qoidalari haqida hikoya qiluvchi hujjatli filmlar namoyish qilinyapti.
Oylikning o‘tgan davrida korxona va tashkilotlarda 4743 marotaba tekshiruv va profilaktik ko‘rik o‘tkazildi. 200 mingga yaqin aholi yashash uylari va 1300 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning yong‘inga qarshi holati mahalla va boshqa tashkilotlar hamkorligida tekshirildi.
Oylik doirasida shahar va tumanlardagi umumta’lim maktablarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralarini kuchaytirishga bag‘ishlangan turli tadbirlar, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)