1962-yilgi tibbiyot yo‘nalishida Nobel mukofoti sovrindori Jeyms Uotson Nyu-Yorkdagi kimoshdi savdosida uning medalini egasiga qaytarish uchun sotib olgan Alisher Usmonovga minnatdorchilik bildirdi, deb xabar bermoqda Sputnik agentligi.
“Men uning DNK tuzilmasi ochilganidan keyin saraton kasalliklari sohasidagi tadqiqotlarga bag‘ishlangan faoliyatimni yuksak qadrlashidan dalolat beruvchi ushbu ishidan chuqur ta’sirlandim. Uning bu sovg‘asi hayotimning qolgan qismini yanada samarali o‘tkazishimga, ushbu dahshatli kasallikka qarshi dori izlashni davom ettirishimga imkon berishini u bilishini istardim”, − dedi Uotson.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik milliarder Alisher Usmonov 4-dekabr kuni Nyu-Yorkdagi Christie’s kimoshdi savdosida Uotsonning Nobel medalini 4,76 million dollarga sotib olgan va uni o‘z otasini hayotdan olib ketgan saratonni davolash usullarini izlash bilan shug‘ullangan olimga qaytarib berishini ma’lum qilgan edi. O‘z navbatida, amerikalik biolog savdodan olingan 4,1 million dollarni (qolgan qismi kimoshdi savdosi uyiga beriladi) o‘quv muassasalariga xayriya sifatida ishlatishini bildirgan.
Izoh (0)