Andijon shahrida 125 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Andijon biokimyo zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barpo etilgan mazkur maktabgacha ta’lim muassasasi o‘ziga xos loyiha asosida qad rostladi.
Bu yerda kichkintoylarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Xususan, turli ertak qahramonlari aks etgan o‘yingohlar, mini-futbol, voleybol, basketbol maydonchalari, yozgi va qishki cho‘milish havzalari, bolalar o‘ynaydigan maxsus ayvonlar har qanday kishining havasini keltiradi. Rus va ingliz tillari, musiqa, sport mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalar ham zarur qo‘llanma, ko‘rgazmali qurollar, zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlangan.
Tadbirda kichkintoylar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha fayz kiritib, barchaga xushnudlik baxsh etdi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)