Checheniston Respublikasi prezidenti Ramzan Qodirov Grozniyda politsiyachilarga hujum qilganlar chechen terrorchilarining muqaddam o‘ldirilgan rahbari Doku Umarovning akasiga tegishli odamlar ekanini tasdiqlovchi ma’lumotga egaligini bildirdi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
Qodirovning aytishicha, hukumat jangarilarning respublika poytaxtida terakt sodir etish rejasidan boxabar bo‘lgan, biroq aniq sanani bilmagan. “Bizda Doku Umarovning akasidan qolgan videoyozuv bor. Ular o‘zlarida borini yig‘ib, bu yigitlarni Grozniy shahriga to‘polon ko‘tarish uchun jo‘natishgan. Biz ularni 12-dekabrda (Respublika Konstitutsiyasi kuni) to‘polon ko‘taradi deb o‘ylagandik, ular esa ertaroq kelishdi”, — dedi Qodirov “Rossiya 24” telekanali efirida.
4-dekabrda Grozniyda o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida respublika politsiyasining o‘n nafar xodimi halok bo‘ldi, yana 28 nafari yaralandi. Yana bir fuqaroning ham halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Doku Umarov — Abu Usmon 2013-yilning so‘ngiga qadar Shimoliy Kavkazdagi terrorchilar to‘daning boshliqlaridan biri bo‘lgan. Birinchi va ikkinchi chechen urushlari davrida ayirmachilar tomonida jangovar harakatlarda faol qatnashgan. U bir nechta terrorchilik harakatlari, jumladan, 2010-yil Moskva metropolitenida va 2011-yilda Domodedovo aeroportida amalga oshirilgan teraktlarga javobgar ekanligini tan olgan. 2010-yil iyunda AQSh Umarovni xalqaro terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan. 2014-yil bahorda terrorchining o‘ldirilgani rasman tasdiqlangan edi.
Izoh (0)