Samarqand davlat chet tillar institutida Konfutsiy institutining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Samarqand viloyati hokimligi, Shanxay xorijiy tillar universiteti vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalari bugungi kunda barcha sohalarda, jumladan, ta’lim tizimida ham izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bunda ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlarida erishilayotgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Samarqandda Konfutsiy institutini tashkil etish bo‘yicha bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan 2013-yilning sentabrida mamlakatimizda bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning tashrifi chog‘ida imzolangan edi.
“O‘zbekistonda ilk Konfutsiy instituti 2005-yili Toshkentda ochilgan edi. O‘zbekiston va Xitoy ijtimoiy-madaniy aloqalarining samarasi sifatida endi Samarqandda ham Konfutsiy instituti faoliyat ko‘rsatadigan bo‘ldi. Mazkur institutni tashkil etish jarayonida yurtingizdagi ta’lim jarayonlari, xususan, Samarqand davlat chet tillar instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ushbu dargohda xitoy tili mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanayotgani, talabalarning xitoy tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi yuqoriligi quvonarlidir. Konfutsiy instituti ilm-fan sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda o‘zbekistonlik yoshlarning Xitoy haqidagi tushunchalarini boyitishga xizmat qiladi”, – deydi Xitoyning Shanxay xorijiy tillar universiteti prorektori Chju Chen.
Ishtirokchilar institutda xitoy tili va madaniyatini o‘rgatish yuzasidan yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Izoh (0)