So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondan Qozog‘istonga meva-sabzavot mahsulotlari hajmi sezilarli oshgani holda, Rossiyaga bu mahsulotlarni yetkazib berish hajmi sezilarli pasaygan. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.
“Ushbu holatni o‘rganib chiqqanimizda, Rossiya bunday mahsulotlarning Qozog‘istondan yetkazib berilishi uchun rag‘batlantiruvchi sharoitlar yaratib bergani ma’lum bo‘ldi. Shunday bo‘lyaptiki, ushbu tartib O‘zbekiston mahsulotining Qozog‘istonga eksport qilinishini, u yerdan esa meva-sabzavot mahsulotlarining Rossiyaga qayta eksport qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi”, – dedi Rustam Azimov.
“Biz O‘zbekiston uchun ham shunday savdo va bojxona tartiblari joriy etishni vakolatli organlar bilan birga o‘ylab ko‘rishni taklif qilamiz, bu holat meva-sabzavot mahsulotlarimizni Rossiya bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berilishini rag‘batlantirgan bo‘lardi”, – deya qo‘shimcha qildi Rustam Azimov 26 noyabr, chorshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 16-majlisida.
Izoh (0)