2014-yilning 27-noyabr kuni Anqara shahriga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Kemal Aydin bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida xabar berildi.
O‘zbekiston va Turkiya TIVlari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning yettinchi raundi davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va kengaytirish istiqbollari hamda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro aloqalarni har tomonlama rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdorligi ta’kidlab o‘tildi va bunga asoslangan O‘zbekiston — Turkiya muloqotining dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqot chog‘ida bo‘lajak o‘zaro uchrashuvlar jadvali va tayyorgarlik jarayoni ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.