Fransiyada taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikkita oltin, bitta kumush va ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Parij shahri mezbonlik qilgan xalqaro turnirda vazni 87 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar orasida qatnashgan Jasur Boyqo‘ziyev Fransiya, Ispaniya, Germaniya vakillari ustidan g‘alaba qozonib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda mezbon sportchi Mbar Ndiaiyeni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga yana bir oltin medalni o‘zbekistonlik tajribali taekvondochi Nikita Rafalovich keltirdi. U 74 kilogrammgacha og‘irlikdagi sportchilar musobaqasida fransiyalik, gruziyalik va italiyalik sportchilarni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, Umida Abdullayeva o‘z vazn toifasida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Dmitriy Shokin va Natalya Mamatova bronza medal bilan taqdirlandi.
Izoh (0)