2010-yildan buyon eng katta internet qidiruv xizmatiga nisbatan monopoliyaga qarshi tergov olib borayotgan Yevrokomissiya Google’ni bo‘lish rejasini tayyorladi. Bu haqda Yevropa komissiyasi rejasining qoralamasiga asoslangan Financial Times ma’lumotiga tayanib, “Vedomosti” xabar bermoqda.
Internet qidiruv xizmatini boshqa xizmatlardan ozod qilish Google hukmronligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga yordam beradi, deyiladi hujjatda. Reja kelgusi hafta boshiga qadar tayyor bo‘lishi, ovoz berish jarayoni esa payshanba kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.
Bundan avvalroq, Yevropa Ittifoqining raqamli iqtisodiyot bo‘yicha yangi noziri Gyunter Ettinger bir necha marotaba Google’ni mualliflik huquqi bilan himoyalangan matnni taqdim etayotgani uchun jazolashga chaqirgan edi. Gyunter ma’lumot qidirilayotganda neytrallik saqlanib qolishini, shuningdek, avtomobillarda Google dasturlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishni yoqlab chiqqan edi.
Ma’lumot uchun, Yevropa kompaniyalarining Google ustidan shikoyatlari 2010-yilda mazkur qidiruv xizmatiga nisbatan tergov boshlanishiga asos bo‘lgandi. Joriy yilning fevral oyida Yevrokomissiya va Google bu borada o‘zaro murosaga kelgandi.
Izoh (0)