Tailandning Pxuket shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo sohil o‘yinlarida O‘zbekiston triatlonchilari delegatsiya hisobiga yana bir bronza medalini keltirdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni sakkiztaga — ikkita oltin va oltita bronzaga yetib, hozirda O‘zbekiston sportchilari umumjamoa hisobida 13-o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo sohil o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga oltin medallarni milliy kurash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda Davlat Abrayev (-73 kg) va Sanjar To‘xtashev (-81 kg) keltirdi.
12—13-noyabr kunlari sambo kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda o‘zbekistonlik Eldor G‘ulomov (-100 kg), Shahlo Yo‘ldosheva (-52 kg), Shohista Safarova (-64 kg), Viktoriya Ozdayeva (-72 kg) bronza medallari bilan taqdirlandi. Yana bir bronza medalni esa sambo kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi mikst musobaqalarida qo‘lga kiritdi.
Ayni daqiqalarga kelib 30 davlat vakillariga sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish nasib qilgan. Umumjamoa hisobida mezbon Tailand sportchilari 10 ta oltin, 12 ta kumush va 16 ta bronza medali bilan peshqadamlik qilmoqda.
Izoh (0)