Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Amerika qit’asi Xristofor Kolumbdan qariyb uch asr avval, XII asrda musulmonlar tomonidan kashf etilganini ma’lum qildi. Bu haqda Agence France-Presse axborotiga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
“Lotin Amerikasi va Islom o‘rtasidagi aloqalar XII asrga borib taqaladi. Amerikani Xristofor Kolumb emas, balki 1178-yil musulmonlar kashf etgan”, — dedi Turkiya prezidenti Lotin Amerika mamlakatlari musulmon hamjamiyatlari yetakchilarining Istanbul sammiti davomida qilgan telemurojaatida.
“Musulmon dengizchilar 1178-yilda Amerika qirg‘oqlariga yetib borgan. Kolumb esa Kuba qirg‘oqlaridagi tepalikda masjid borligi haqida yozib qoldirgan”, — dedi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘anning qayd etishicha, Anqara Kolumb tomonidan qayd etilgan joyda masjid qurishga ham tayyor. “Men bu masalada kubalik birodarlarim bilan gaplashishni istardim. Masjid bu tepalikka juda yarashib turgan bo‘lardi”, — dedi Turkiya yetakchisi.
Tarixiy kitoblarga ko‘ra, Hindistonga olib boruvchi g‘arbiy yo‘lni qidirgan Xristofor Kolumb 1492-yil Amerika qit’asiga qadam bosgan.
Musulmon ulamolarning kichik bir guruhi bir muddat avval Shimoliy va Janubiy Amerikaga aynan musulmonlar birinchi bo‘lib borgani haqidagi farazlarni ilgari surgan, biroq qit’ada Kolumbgacha bo‘lgan davrga oid Islom diniga aloqador hech narsa topilmagan.
1996-yil tarixchi Yusuf Ma’ruh tomonidan e’lon qilingan bahsli maqolada Xristofor Kolumbning kundaliklarida Kubada masjid borligi haqida qaydlar yozilgani aytilgan. Biroq AFP’ning qayd etishicha, mualliflar Kolumb hudud landshaftini ta’riflashda o‘xshatishdan foydalanganini noto‘g‘ri tushungan.
Ma’lumot uchun, bir guruh olimlar tomonidan Amerika qit’asini Kolumbdan ham avval Sharq Uyg‘onish davri vakili Abu Rayhon Beruniy kashf etgani aytiladi. U o‘z hisob-kitoblariga asoslanib, qarama-qarshi tomonda ham quruqlik borligini taxmin qilgan.
Izoh (0)