2014-yilning 12-noyabr kuni Jizzaxda “Milliy sport turlari va xalq o‘yinlari” festivali boshlandi. Bu haqda Jizzax shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika milliy sport ishlarini rivojlantirish Markazi Bosh direksiyasi hamda Jizzax viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqaga barcha viloyatlardan jami 700 nafardan ziyod sportchi tashrif buyurdi.
Jizzax otchopari markaziy sahnasida bo‘lib o‘tgan festivalning tantanali ochilish marosimida nutq so‘zlagan Jizzax tuman hokimi Akmal Abdullayev ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur sport festivalining ahamiyatiga to‘xtalar ekan, Jizzax tumani mazkur bahslarni o‘tkazishga mezbonlik qilayotgani bilan faxrlanishini ta’kidladi.
Kurash, belbog‘li kurash, bel olish, o‘zbek jang san’ati hamda turon yakka kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslar yoshlar o‘rtasida sportning ushbu turlarini ommalashtirishga xizmat qilsa, o‘zbek xalqining ko‘p ming yillik an’analarini o‘zida aks ettirgan uloq-ko‘pkari musobaqalari milliy – ma’naviy merosni tarannum etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Festivalning tantanali ochilish marosimidan so‘ng sportchi yoshlar tomonidan “O‘zbek jang san’ati” turi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Shundan so‘ng bahslarga start berilib, sportchi yoshlar birinchilik uchun gilamga tushdi.
Musobaqaning saralash bosqichlari bugun yakunlansa, ertaga 13-noyabr kuni final musobaqalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu kuni soat 12:00 dan 17:00 ga qadar “Uloq-ko‘pkari” musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
G‘olib va sovrindorlar bahslar yakunlangach, festival tashkilotchilari tomonidan taqdirlanishi kutilmoqda.
Izoh (0)