Andijon shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-tug‘ruq majmuasining yangi binosi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezident rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun yangi binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“‘Andijon-bo‘ston’ ko‘p tarmoqli qurilish-ta’mirlash korxonasi bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan majmuaning yangi binosi barcha zarur tibbiy vositalar bilan ta’minlangan, — dedi tug‘ruq majmuasi bosh shifokori Oksana Yeletskaya. — Bu shahrimiz aholisi, xususan, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasidagi ishlarimizni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi”.
Viloyatda “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Izboskan, Baliqchi, Oltinko‘l va Asaka tumanlari tibbiyot birlashmalari, Izboskan tuman silga qarshi kurashish dispanseri, Ulug‘nor tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binolaridagi bunyodkorlik ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)