Karim Javliyev(ism-shariflar o‘zgartirilgan) boshchiligidagi jinoiy guruh 2013-yilning iyun oyidan 2014-yilning 18-yanvariga qadar besh dona turli rusumdagi avtomobillarni o‘g‘irlab, ularning ehtiyot qismlarini yechib olib, Sirg‘ali avtomobil bozorida pullab kelgan. Bu haqda “Olmaliq haqiqati” xabar bermoqda.
Jinoiy to‘da dastlab 2013-yil iyun oyi oxirlarida Chirchiq shahrida joylashgan korxona atrofidagi avtoturargohlardan birida qarovsiz qolgan VAZ 2106 rusumli avtomashinani olib qochadi. Chetroqqa olib borilgan avtomashina jinoiy to‘da a’zolari Rahim Asrayev va Tolib Abdiyev tomonidan obdon “toza”lanadi. Ular bu xatti-harakatlari bilan fuqaro U. Kalendarovga jami 2 800 000 so‘m zarar yetkazadi.
Birinchi “ish”ni o‘z foydasiga hal qilgan 24—28 yoshlar oralig‘idagi yigitlar qulochni keng yozib, birin-ketin mashina o‘g‘irlashni boshlab yuboradi.
Sudda qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jinoiy guruh fuqarolarga jami 12 million 854 ming so‘m zarar yetkazgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Karim Javliyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, besh yil-u olti oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Uning jinoiy sherigi Rahim Asrayev ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, besh yil umrini panjara ortidan o‘tkazadigan bo‘ldi.
To‘daning kichik a’zosi Tolib Abdiyev esa to‘rt yil-u bir oy umrini sim to‘r ortida o‘tkazadi.
Izoh (0)