Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Surxon” MFYda yashovchi shaxs uchun bobosi qoldirgan “meros” anchagina ovoragarchilikka sabab bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Huquq” nashri.
Kosonlik shaxs ov qurolini tegishli ruxsatnomasiz uyda saqlash qonunga zid ekanligini bilsa-da, 1999-yilda uni uyiga olib kelib, yashirib qo‘yadi. Vaqti kelib, uning “siri” fosh etildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va xolislar tomonidan uning uyi ko‘zdan kechirilganda, 1961-yilda “Ijevsk” qurol-aslaha zavodida ishlab chiqarilgan, IJ-16 rusumli otishga yaroqli ov quroli topildi.
Garchi kosonlik mazkur quroldan biror marta foydalanmagan bo‘lsa-da, uni uyida yashirin ravishda saqlab, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etdi.
Mazkur moddaga ko‘ra, tegishli ruxsatnomasiz o‘qotar qurol, shuningdek, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o‘tish yoki jo‘natish eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki olti oygacha qamoq yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Sud mazkur ishni atroflicha muhokama etib, kosonlik shaxsga jazo sifatida eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida jarima tayinladi.
Izoh (0)