Buxoro viloyatida maktabgacha ta’lim muassasa (MTM)larini saqlash xarajatlari uchun 2014 yilning o‘tgan davrida 68,7 milliard so‘m ajratildi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Axborot xizmatiga asoslanib Kun.uz xabar bermoqda.
Qayd etishlaricha, 2013 yilda viloyat mahalliy byudjeti hisobidan ushbu maqsadlar uchun 63,5 milliard so‘m sarflangan edi. Umuman, olib borilgan ishlar natijasida bir qator MTMlar faoliyati qayta tiklangan.
Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyatda mavjud 340ta MTMning 265tasi loyiha asosida qurilgan binoda joylashgan bo‘lsa, 75tasi moslashtirilgan binolarda faoliyat olib bormoqda.
Buxoro, Kogon shaharlari, tuman markazlari va bir qator qishloq joylardagi bog‘chalarning moddiy-texnik bazasi namunali darajada, biroq aksariyat qishloqlardagi MTMlardagi ahvol qoniqarsiz.
Viloyatda MTM binolaridan xo‘jasizlarcha foydalanish, obodonchilik, sanitariya, ovqatlanish, bolalar qatnovi va boshqa yo‘nalishlarda muammolar uchrab turibdi.
“Muhiddin Esonov (Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi − ‘Daryo’) mazkur masala muhokamasiga o‘ta tanqidiy yondashib, MTMlarda kelajagimiz ertangi egalari voyaga yetishi, ularning to‘g‘ri ovqatlanishi, yashashi va mashg‘ulotlarning sifatli tashkil etilishi barkamol avlod tarbiyasining muhim poydevori ekanligini, shu bois ushbu tizimda yo‘l qo‘yilgan har qanday nuqson kechirib bo‘lmas jinoyat ekanligini ta’kidladi”, – deyiladi hokimlik axborotida.
Izoh (0)