Tojikistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘i bir oy ichida uchinchi bor yopib qo‘yildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Mamlakat aholisini internet xizmatlari bilan ta’minlovchi provayderlarning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqning bu safargi yopib qo‘yilishiga mamlakatdagi Aloqa xizmati tomonidan yozma ravishda berilgan buyruq sabab bo‘lgan.
Provayderlar ma’lumotiga ko‘ra, hukumat noziri bo‘lgan mazkur xizmat “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i, Topnews.tj sayti va “Yandeks” qidiruv xizmati singari 50 dan ziyod saytni yopib qo‘yishni talab qilgan. Tojikiston Aloqa xizmati esa ushbu saytlar yopilishiga aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Bundan avval Tojikistonda bir milliondan ziyod kishi foydalanadigan Facebook 5-oktabr kuni yopib qo‘yilib, bu ijtimoiy tarmoqqa 10-oktabr kuni o‘tkaziladigan amaldagi hukumatga qarshi namoyishda ishtirok etish haqidagi chorlov joylashtirilgani bilan bog‘langan edi.
Keyinroq Tojikiston aloqa operatorlari Dushanbe aholisi uchun SMS yuborish xizmatini o‘chirib qo‘ygani xabar qilindi.
Izoh (0)