Janubiy Koreyada chet ellik ayollar bilan turmush qurish qator maishiy muammolarni keltirib chiqarayotgan va ko‘pchiligi ajrashish bilan yakun topayotgan bo‘lsa-da, xorijdan kelin topish kamaymayapti, deb xabar beradi “Kun”.
Janubiy Koreya Xalqaro oila assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, koreyalik bo‘ydoqlar bu borada mamlakatda har qadamda uchratish mumkin bo‘lgan to‘y agentliklari xizmatidan foydalanmoqda.
Mo‘maygina pul evaziga to‘y agentliklari asosan O‘zbekiston, Xitoy, Filippin, Kambodja, Vyetnam kabi mamlakatlardan kelin topish bilan shug‘ullanib keladi.
Janubiy Koreya Xalqaro oila assotsiatsiyasi to‘y agentliklarining o‘rtacha xizmat haqlarini e’lon qilarkan, narxlar turli hujjat ishlari va to‘y xarajatlarini o‘z ichiga olganligini qayd etib o‘tgan.
Unga ko‘ra, janubiy koreyalik bo‘ydoqlar O‘zbekistondan uylanish uchun to‘y agentliklariga o‘rtacha 23 ming 750 AQSh dollarini to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, koreyslar uchun Xitoydan uylanish 12,7 ming dollar, Vyetnam, Kambodja, Filippin va Mo‘g‘ulistondan uylanish 14 ming dollar, Laos, Nepal va Tailanddan uylanish 18 ming dollarga tushadi.
Janubiy Koreya Milliy Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, mamlakatda chet ellik ayollar bilan turmush qurib, so‘ng tez orada ajrashish holatlari yildan yilga oshib bormoqda.
Izoh (0)