O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi raisi Islom Karimov 29-oktabr kuni Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat qildi. Prezident murojaati O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilindi.
Islom Karimov Orol dengizining bir avlod ko‘z o‘ngida batamom yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgani Orolbo‘yida yashayotgan aholi hayotiga, bu yerdagi ekotizim va bioxilma-xillikka o‘nglab bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazayotganini qayd etdi.
“Amudaryo va Sirdaryoning Orolga umumiy quyilish hajmi keyingi 50 yil ichida qariyb besh barobar, Orol dengizining suvi 14 barobardan ko‘proq kamaydi, uning sho‘rlanish darajasi esa deyarli 25 marta ortdi. Bu Orol dengizida ilgari bo‘lgan baliq va boshqa dengiz mavjudotlarining deyarli butkul yo‘qolishiga olib keldi.
Yaqin-yaqinlargacha o‘zining ulkan bioxilma-xilligi bilan mashhur bo‘lgan Orolbo‘yi mintaqasida o‘simliklar va yovvoyi hayvonlar turi keskin kamayib bormoqda, jumladan, sut emizuvchilarning 12, qushlarning 26 va o‘simliklarning 11 turi butkul yo‘q bo‘lish xavfi ostida turibdi. Orolning qurigan qismi o‘rnida hosil bo‘lgan 5,5 million gektardan ortiq maydondagi yangi Orolqum sahrosi tobora butun Orolbo‘yi mintaqasiga yoyilmoqda. Bu yerdan har yili atmosferaga qariyb 100 million tonna chang va zaharli tuzlar ko‘tarilib, qum bo‘ronlari va kuchli shamollar bilan mazkur hududdan ancha olis bo‘lgan mintaqalarga ham tarqalmoqda”, — deyiladi murojaatda.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Orol dengizining qurishi butun Markaziy Osiyoda keskin iqlim o‘zgarishiga olib kelgan. Xususan, mazkur tabiiy inqiroz suv resurslari taqchilligi, mavsumiy qurg‘oqchilikning kuchayishi, qahraton qishning uzoq davom etishi, Pomir va Tyan-Shan tog‘lari muzliklari erishining tezlashishi va mintaqa mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi ishlari bilan shug‘ullanish sharoitlarining yomonlashishiga sabab bo‘lgan.
Izoh (0)