O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Geologiya va konchilik sohasidagi yirik olim, texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Vahob Rahimov 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
V. Rahimov 1934-yili Samarqand shahrida tug‘ildi. 1957-yilda O‘rta Osiyo politexnika institutini tugatib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining konchilik bo‘limida ilmiy xodim sifatida ish boshladi. Keyinchalik Moskva konchilik ishi instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1963-yilda nomzodlik, 1972-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi.
Iste’dodli olim o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat texnika universiteti “Marksheyderlik ishi” kafedrasi dotsenti, kafedra mudiri, kon-metallurgiya fakulteti dekani va universitet prorektori kabi mas’ul lavozimlarda ishladi. Geologiya va geofizika, kon muhandisligi va geodeziya sohasidagi dolzarb masalalarni ilmiy o‘rganish, ilm-fanning mazkur murakkab yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga katta hissa qo‘shdi.
Atoqli olimning tog‘ jinslarini qazib olishning nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlab yozgan ko‘plab maqola va risolalari, ilmiy ixtirolari soha mutaxassislari va ilmiy jamoatchiligimizga yaxshi ma’lum.
Zahmatkash olim o‘z faoliyati davomida mehribon va talabchan ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga geologiya va kon muhandisligi sirlaridan saboq berdi. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlandi.
Akademik V. Rahimovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoniga va “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo‘lgan edi.
Taniqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Vahob Rahimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
I. Karimov, I. Sobirov, D. Toshmuhamedova, Sh. Mirziyoyev, Sh. Solihov.
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Izoh (0)