NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning 28-oktabr, seshanba kuni Bryusselda bergan bayonotiga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansi, zaruriyat tug‘ilsa, harbiy kuch ishlatishga tayyor turishi lozim. Bu haqda “Interfaks-Ukraina” axborotiga tayanib, “Yevropeyskaya pravda” xabar bermoqda.
Yens Stoltenberg NATOning harbiy kuch ishlatishga tayyor turishi kerakligini qayd etar ekan, Rossiya Federatsiyasini Ukrainadagi tanglikka sabab bo‘layotgan harakatlarini to‘xtatishga chaqirdi. U o‘z nutqida NATOning asosiy majburiyati alyansga a’zo mamlakatlarning xavfsizligini ta’minlash ekanligini ta’kidladi.
Stoltenberg NATOning Buxarestdagi sammitidayoq Gruziya va Ukraina alyans a’zosiga aylanishi haqida qaror qabul qilingani, biroq Ukraina hozirgacha a’zo bo‘lish uchun ariza topshirmaganini qayd etdi. “Har bir mamlakat a’zo bo‘lish-bo‘lmaslikni o‘zi hal qiladi. Ukraina bu haqda (a’zo bo‘lish borasida) qaror qabul qilmadi, shu bois bu masala kun tartibiga qo‘yilmagan”, — deya Bosh kotib Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasi hozircha ko‘rib chiqilmasligini aytdi.
Yens Stoltenberg o‘z nutqida NATO ochiq eshiklar siyosatini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, hozirda alyans Yevropa va Shimoliy Amerikaning bir milliardga yaqin aholisini himoya qilayotganini alohida qayd etdi.
Izoh (0)