Italiya huquqni muhofaza qilish organlari 28-oktabr, seshanba kuni mamlakatning Kalabriya hududidan bo‘lgan Ndrangeta nomli kuchli mafiya tashkilotiga qarshi kurash operatsiyasini o‘tkazdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Mafiyaga qarshi kurash bo‘yicha Milan prokuraturasining ma’lum qilishicha, 28-oktabr kuni tongda politsiyachilar tomonidan Lombardiya va Kalabriya hududida 13 kishi qo‘lga olinib, ularga ko‘plab og‘ir jinoyatlar, xususan, tashkillashtirilgan jinoyat, moliyaviy firibgarlik, qurollarni noqonuniy olib yurish, shantaj singari jinoyatlarni amalga oshirganlik ayblovi qo‘yildi.
Ndrangeta tashkilot a’zolari 2015-yil 1-maydan 31-oktabrga qadar Milanda o‘tkaziladigan “Ekspo-2015” butunjahon ko‘rgazmasi obyektlari qurilishida faol ishtirok etmoqda.
“Ekspo-2015” butunjahon ko‘rgazmasi hozirga qadar bir necha yirik korrupsiyaviy janjalga sabab bo‘ldi. Jumladan, may oyida huquqni muhofaza qilish organlari mazkur yirik loyiha rahbarlaridan biri bo‘lgan “Ekspo-2015” xarajatlari va ko‘rgazmani rejalashtirish direktori Anjelo Parisni qo‘lga oldi. Sentabrda esa butunjahon ko‘rgazmasini tayyorlash va o‘tkazish noziri o‘rinbosari Antoni Acherbo ham hibsga olindi. U “Ekspo-2015”da Italiya pavilyonlarini qurishga mas’ul bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, hozirga qadar dunyoning 147 mamlakati “Sayyorani oziqlantirish. Hayot uchun quvvat” shiori ostida o‘tkaziladigan mazkur ko‘rgazmada ishtirok etish istagini bildirgan. Tadbirga 20 milliondan ziyod kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.
Izoh (0)