21-oktabr kuni joriy yilning to‘qqiz oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Majlisda muhim ustuvor vazifa sifatida Investitsiya dasturi bajarilishini va 2014-yilda nazarda tutilgan ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlari foydalanishga topshirilishini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijalarini har tomonlama tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Sanoat tarmoqlarini, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish va modernizatsiyalash yuzasidan faol investitsiya siyosati amalga oshirilishi asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar 10,7 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish 22,3 foizga o‘sishiga ko‘maklashganligi alohida ta’kidlandi. 2715 ta yangi ishlab chiqarish obyektlari foydalanishga topshirildi, yuqori texnologik va zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha 105 ta muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish tugallandi.
Jumladan, 700 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “Jizzax viloyatida portlandsement va oq sement ishlab chiqarishni tashkil etish”, ishlab chiqarishni 716 ming tonnagacha ko‘paytirgan holda “Fosforit xomashyosini boyitish bo‘yicha mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish”, Xorazm viloyatida 80 mingta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “Yengil avtomobillarning Damas va Orlando modellarini ishlab chiqarishni tashkil etish” singari loyihalar bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlari bo‘yicha qariyb 720 milliard so‘m o‘zlashtirildi.
Ushbu masalani muhokama qilishda ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va qoloqlik uchun bir qancha xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlari faoliyati tanqid qilindi. Ular oldiga kamchiliklarni bartaraf etish va qoloqlikning o‘rnini to‘ldirish, amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari bo‘yicha obyektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirishni ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi.
Izoh (0)