2014-yil 21-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasining joriy yilning to‘qqiz oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga hamda 2014-yilning 17-yanvarida respublika Hukumati majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda qabul qilingan farmoni va qarori talablarini amalga oshirishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kichik biznesning 20,2 mingta yangi subyektini tashkil etishga ko‘maklashdi.
Kichik biznes ulushi sanoatda 2013-yilning to‘qqiz oyidagi 27,9 foizdan joriy yilda 31,1 foizgacha, o‘zlashtirilgan investitsiyalar 32,2 foizdan 33,2 foizgacha va bandlikda 76 foizdan 76,5 foizgacha o‘sdi.
Kichik biznes subyektlariga 224 ta davlat aktivlari sotildi, 23 mingta foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari ijaraga berildi. Tijorat banklari tomonidan umumiy summasi 7,3 trillion so‘m yoki 2013-yilning to‘qqiz oyidagiga qaraganda 1,3 baravar ko‘p kreditlar va mikrokreditlar berildi.
Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining 99 foizi soliq hisobotlarini, 94,7 foizi statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirmoqda. Yuk bojxona deklaratsiyalarining 98 foizidan ortig‘i elektron usulda rasmiylashtirilmoqda.
Izoh (0)