2014-yil 21-oktabr kuni joriy yilning to‘qqiz oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga hamda 2014-yilning 17-yanvarida respublika hukumati majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Majlisda tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalash, mamlakatni rivojlantirishning belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga, shu jumladan, ishlab chiqarish, investitsiyalar, eksport hamda iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish dasturlarining prognoz parametrlariga erishishni ta’minlash, shuningdek, aholi bandligini, hayoti darajasi sifatini uzluksiz oshirish ishlarining natijalari har tomonlama ko‘rib chiqildi va chuqur tahlil qilindi.
Yig‘ilishda jahon iqtisodiyoti rivojlanishida jiddiy tahdidlar va sustlashish mavjud ekanligiga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy mutanosiblik va iqtisodiyot o‘sishining barqaror yuqori sur’atlari ta’minlanayotganligi qayd etildi. Joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,4 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 6,8 foizga, qurilish ishlari hajmi 18,9 foizga o‘sdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.
Sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish va ichki talabni mutanosib rag‘batlantirish chora-tadbirlari iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarining 11,3 foizga, chakana tovar aylanmasining 14,2 foizga va pullik xizmatlarning 11,1 foizga o‘sishini ta’minladi. Xizmatlar sohasi milliy iqtisodiyot o‘sishining muhim omillaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)