Toshkentda 62-avtobus chiptachisi yo‘lovchi ayolni so‘kdi va urdi. Boshqa yo‘lovchilar esa tomoshabin bo‘lib turdi. Bu haqda jabrdiyda yo‘lovchining o‘zi Facebook’dagi Potrebitel.uz guruhida xabar qoldirgan, deb ma’lum qildi “Kun”.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u 21-oktabr, seshanba tonggi soat 6:36 dan 7:50 gacha o‘ziga kerakli avtobusni kutgan, avtobus kelganidan so‘ng chiptachiga pul berayotib, avtobus qaysi jadval bo‘yicha harakatlanayotgani haqida savol bergan.
Ayolning qayd etishicha, u savolni xotirjam va qo‘pollik qilmasdan bergan, biroq chiptachi asabiylashib, unga baqirib bergan. Ayolning, yana xotirjam holatda: “Nega men bilan bunday gaplashyapsiz?”, — degan savolidan so‘ng, chiptachi ayolga qo‘l ko‘targan.
“Bilasizmi, hammasidan ham butun avtobusning jim o‘tirganidan xafa bo‘ldim. Faqat yonimda o‘tirgan 8—9-sinflarda o‘qiydigan qizgina men chiptachiga muloyim va aniq gapirganimni tasdiqlab turdi. Juda yoqimsiz holat”, — deb yozadi jabrdiyda yo‘lovchi.
Kaltak yegan ayol chiptachining o‘zini suratga olishga harakat qilganida u eng yaqin bekatda tushib, “qochib qolgan”. Shundan so‘ng ayol ushbu holat haqida “1062” ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, shikoyat bildirgan.
Izoh (0)