Britaniya qirollik oilasi ular bilan selfi suratga tushishni orzu qiluvchi fuqarolardan bezor bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Daily Telegraph.
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II va uning o‘g‘li York gersogi — shahzoda Endryu “doimo o‘z qarshisida odamlarning yuzini emas, balki bir dunyo iPhone va iPad’larni ko‘rish” ularga noqulayliklar tug‘dirayotganini ma’lum qildi. Vindzorlar selfi uchun mo‘ljallangan bu kabi texnikalardan loaqal rasmiy tadbirlar paytida foydalanishni cheklab qo‘yishni iltimos qildi.
Shahzoda Endryuning ta’kidlashicha, ommaning uni doimiy ravishda smartfon va planshet kameralariga suratga olish istagi “uni xijolatga qo‘yadi va noqulay ahvolga soladi”.
York gersogi bunday harakatlarni qo‘pol deb hisoblamasligi, ammo ular “voqelikning yangi ko‘rinishi sifatida” uni ranjitayotganini ma’lum qildi.
Yelizaveta II ham selfi havaskorlari bo‘lgan fuqarolardan charchaganini ta’kidladi. Bu haqda avvalroq AQShning Buyuk Britaniyadagi elchisi Mettyu Barzun xabar bergan edi. Bukingem saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi norasmiy suhbat davomida 88 yoshli xonim selfi haqida gapirar ekan “bu fenomenni unchalik ham qabul qilmasligini” ma’lum qilgan.
Izoh (0)