Roppa-rosa 1 yil avval, aniqrog‘i 2013-yil 14-oktabr kuni xuquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning Xushnudbek.uz sayti ishga tushgan edi. Bu haqda Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z saytida xabar berdi.
“O‘tgan davr mobaynida sayt orqali qator yangiliklar, xabarlar, tahliliy-tanqidiy maqolalar berib borishga harakat qildim. Albatta qilinmagan ishlar ham ancha-muncha. Ba’zan dangasaligim tufayli, ba’zan esa asosiy ish joyimdan vaqt orttira olmaganimdan ko‘p loyihalar faqat hayolda-yu, miyada qolib ketdi”, — deydi Xushnudbek.uz sayti rahbari.
Xushnudbek 2012-yilning avgust—sentabr oylarida Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali “Qonunchilikdagi yangiliklar” rukni ostida bir nechta postlar qoldira boshlagan edi. Mazkur postlarda qonunchilikda bo‘layotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib borilardi.
Xushnudbekning ta’kidlashicha, uning 27-sentabr kuni Facebook’da qoldirgan mana bu posti yakunda Xushnudbek.uz saytining dunyoga kelishiga tamal toshi bo‘lgan. O‘shanda O‘FF matbuot kotibi Sanjar Rizayev izoh qoldirib, “Siz blog oching bir” degan taklifni ilgari surgan va bu taklif RedPoll kompaniyasi rahbari Hamza Foziljonov tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
“Shu takliflarni o‘ylab ko‘rib, blog ochishga ahd qilgandim va 2012-yil 27-sentabr kuni xushnudbek.blogspot.com manzilida o‘zimning blogimni ochdim. 2013-yilning 17-aprelida Xushnudbek.uz domenini oldim va o‘sha kundan buyon blogimga mazkur manzil orqali ham kirsa bo‘ladigan bo‘ldi”, — dedi huquqshunos.
“Shunday kunlarning birida, “Muloqot” saytlar tarmog‘i rahbari Farhod Fayzullayev yaxshi bir taklif bilan chiqdilar. Ya’ni menga tekinga sayt yaratib berishni, barcha texnik va dizayn ishlari, xosting masalalari “Muloqot” tomonidan bajarilishini ma’lum qildilar. Bugungi kunda yaxshi sayt ochishning dasturiy ta’minoti ancha-muncha moddiy mablag‘ talab qilishini hisobga olsak, bu juda quvonarli taklif edi”, — deya xotirlaydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Bu taklif Xushnudbek tomonidan qabul qilingan va Farhod Fayzullayevning ko‘magi bilan Xushnudbek.uz sayti dunyo yuzini ko‘rgan. Keyinchalik bu haqda Farhod Fayzullayev “Daryo” nashrida xabar bergan.
Xushnudbek.uz saytiga ilk xabar 2013-yil 14-oktabr kuni joylangan.
Bir yil ichida Xushnudbek.uz sayti e’tirof etishga arzigulik yutuqlarni ham qo‘lga kiritdi. Xushnudbekning so‘zlariga ko‘ra, nokamtarlik bo‘lsa ham, olish mumkin bo‘lgan deyarli hamma sovrinlarni olib bo‘ldi. Quyida ular bilan tanishishingiz mumkin.
- 2014-yil 28-yanvar kuni O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan tashkillashtirilgan “Jamiyat va men – 2013” tanlovining “Internetdagi eng yaxshi maqola” nominatsiyasi g‘olibi;
- 2014-yil 2-may kuni “Oltin qalam” Milliy mukofotining “Jurnalistikada ijtimoiy masalalarni yoritishda innovatsion yechim va yondashuvlar” nominatsiyasi sohibi;
- 2014-yil 22-sentabr kuni Milliy “Uz” domenlari Internet-festivalining “Eng yaxshi shaxsiy sahifa” nominatsiyasida ikkinchi o‘rin;
- 2014-yil 23-sentabr kuni MIT.uz – Milliy internet tanlovida “Eng yaxshi tahliliy sayt” nominatsiyasida sovrindor.
Xushnudbek.uz sayti orqali bir qator loyihalar amalga oshirildi. Masalan, futbol bo‘yicha jahon chempionati vaqtida Stadion.uz sayti bilan hamkorlikda “JCh-2014 viktorinasi” tashkillashtirildi. OTMlarga bo‘lib o‘tgan qabul jarayonlari vaqtida Kun.uz sayti bilan hamkorlikda “Abituriyent-2014” loyihasi amalga oshirildi. Ikkala loyiha ham mushtariylarda katta qiziqish uyg‘otdi. Masalan, “Abituriyent-2014” loyihasini 5 ming nafardan ortiq kishi bevosita Xushnudbek.uz sayti orqali kuzatib borgan.
2013-yil 7-dekabr kuni Xushnudbek.uz saytida “Biz bilan bog‘lanish” funksiyasi ishga tushdi. Bugungi kungacha ushbu xizmat orqali qilingan murojaatlar soni 373 tani tashkil qilmoqda.
Bir yil davomida Xushnudbek.uz saytiga 104 ming marta tashrif buyurilgan. Agar unikal tashrif buyuruvchilar soniga qarasak, 62 mingga yaqin kishi ushbu saytga qadam ranjida qilganligini ko‘rishimiz mumkin.
Xushnubek.uz saytiga eng ko‘p tashrif 2014-yil 28-may kuni bo‘lgan. Shu kuni saytga 7 279 marta tashrif buyurilgan va bu hozircha rekord bo‘lib turibdi. O‘sha kuni sayt O‘znet tarmog‘idagi reytingda rekord darajada yuqorilay olgan va 24-o‘ringa ko‘tarilgan.
Biz ham Xushnudbek Xudoyberdiyevni Xushnudbek.uz saytining bir yoshi bilan tabriklaymiz. Uning ishlarida ulkan zafarlar tilaymiz.
Izoh (0)