Prezident Islom Karimovning 2014-yil 8-oktabrdagi farmoyishiga muvofiq Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
2014-yilning 19-sentabr — 4-oktabr kunlari o‘tkazilgan musobaqalarda O‘zbekiston sportchilari to‘qqiz oltin, 14 kumush va 21 bronza medalni, jamoaviy bahslar hisobga olinganda jami 12 oltin, 14 kumush va 35 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Poytaxtdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida mazkur Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan marosimda mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.
Marosimda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mars Qo‘chqorov, sportchilar Behzod Abdurahmonov, Jamila Rahmatova, Jasur Boyqo‘ziyev, Svetlana Radzivil va boshqalar Prezident Islom Karimovga O‘zbekistonda sportni rivojlantirish va sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev so‘zga chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlarining yakunlariga ko‘ra to‘qqizta oltin, 14 ta kumush va 21 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston delegatsiyasi oltin medallar soni bo‘yicha umumjamoa hisobida 11-o‘rinni, medallarning umumiy soni bo‘yicha esa 9-o‘rinni egalladi.
XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilar ro‘yxati bilan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmatida tanishishingiz mumkin.
Izoh (0)