Toshkent shahrida 8-oktabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlar bosh prokurorlarining o‘n ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Tojikiston Respublikasi bosh prokurorlari hamda prokuratura organlari rahbarlari ishtirok etdi.Tadbirda ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega Hindiston Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Mo‘g‘uliston vakillari, shuningdek, ShHT Bosh kotibi Dmitriy Mezensev, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Chjan Sinfen qatnashdi.
Majlis O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Rashitjon Qodirov raisligida o‘tdi. Unda bosh prokurorlarning yillik majlisi ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining xalqaro terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa xavfli ko‘rinishlariga qarshi kurash sohasida huquqiy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga doir qarorlarini amalga oshirishning samarali mexanizmi ekani ta’kidlandi. Navbatdagi majlis bu sohadagi qo‘shma qarorlarning ijrosi bilan bog‘liq jarayonlarning davomi bo‘ldi.
Tadbirda ShHTga a’zo davlatlar huquqni muhofaza qilish tuzilmalari hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etildi.
Majlis ishtirokchilari ShHTga a’zo davlatlar prokuratura organlari tomonidan tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, tabiatni muhofaza qilish sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish masalalari bo‘yicha axborot almashdi. Shuningdek, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni aniqlash, musodara qilish va ularni tegishli davlatlarga qaytarish yuzasidan tashkilotga a’zo davlatlarning qonunchilik hujjatlari va amaliyoti tahlilining natijalari ham muhokama etildi.
Majlis yakunida ShHTga a’zo davlatlar delegatsiya rahbarlari tomonidan tegishli Protokol imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi va Mo‘g‘uliston Bosh prokuraturalari delegatsiyalarining ikki tomonlama uchrashuvlarida hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi.
Izoh (0)