“Chimyon” qutqaruv guruhi qutqaruvchilari tog‘ cho‘qqisida ko‘richak alomatlari paydo bo‘lgan alpinistga yordam berdi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatiga asoslanib Kun.uz xabar bermoqda.
Pyotr va Svetlana ismli alpinistlar cho‘qqi sari ko‘tarilib, u yerda tamaddi qilib olish uchun dam olishni tashkil etgan. Ana shunda Pyotr o‘zini noxush his qilib, qornidagi kuchli og‘riqdan shikoyat qiladi. Shundan so‘ng Svetlana qutqaruvchilardan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi.“Chimyon” qutqaruv guruhi qutqaruvchisi Kenjabek Imonaliyevning so‘zlariga ko‘ra, favqulodda holat to‘g‘risidagi xabar 19:45 da kelib tushgan (Gazeta.uz’ning qayd etishicha, aynan qaysi kunligi ko‘rsatilmagan). Bu orada Bo‘stonliq tumani FVBga xabar berilib, qutqaruv stansiyasiga tuman shifoxonasidan “Tez yordam” xizmatini chaqirtirish kerakligi haqida ma’lum qilingan.
Qutqaruvchilar Kenjabek Imonaliyev, Salimbek Talibayev, O‘rozmat Ermatov hamda “Tez yordam” xizmatidan bir nafar feldsher barcha qutqaruv asbob-anjomlarini olib, cho‘qqi tomon ko‘tarila boshlagan.
O‘sha tunda qutqaruvchilar va feldsher 7,5 kilometr yo‘l bosib o‘tgan. Cho‘qqiga chiqib, alpinistlar chodirini topib, qutqaruvchilar Pyotrda ko‘richak alomatlari borligini taxmin qilgan. Pyotr ko‘zdan kechirilganidan so‘ng, uni zambilga yotqizib, cho‘qqi bo‘ylab pastga olib tushildi. Shundan so‘ng uni “Tez yordam” mashinasiga o‘tkazib shifoxonaga jo‘natildi.
“Pyotrning ahvoli bilan qiziqqanimizda, hozirda uning ahvoli yaxshiligi va tibbiyot xodimlarining nazorati ostida ekanligi ma’lum qilindi”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh (0)