Qozog‘istonning Atirau shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘ta chuqur qazish ishlarini ko‘zda tutadigan “Yevrosiyo” qo‘shma loyihasini ishga tushirdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Qozog‘iston Respublikasi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Uzaqbay Karabalinning prezidentlarga ma’lum qilishicha, loyiha ish olib boradigan Kaspiybo‘yi botig‘i mintaqasida Qozog‘iston uglevodrod zahiralarining 80 foizi jamlangan.
Loyiha koordinatori Baltabek Quvandiqovning so‘zlariga qaraganda, yaqin oylar ichida loyihani amalga oshirish uchun konsorsium tuziladi. Taxminan 500 million dollarga baholanayotgan loyihada qatnashish istagini “Rosneft”, “Lukoyl” kabi kompaniyalar qiziqish bildirgan. Shuningdek, ilg‘or texnologiyalarga ega G‘arb kompaniyalaridan Shell, Chevron kabilar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Kaspiybo‘yi botig‘ida 15 kilometrgacha chuqurlikda qazish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan, 7-9 kilometr chuqurlikdan esa uglevodorodlar zahiralari chiqishidan umid bildirilgan. Mintaqaning 30% qismi Rossiya hududida joylashgan.
Izoh (0)