O‘zbekiston delegatsiyasi Incheon-2014’ning yana bir medaliga ega bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida 105 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan Sardorbek Do‘smurodov bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Stadion.uz xabar bermoqda.
Yetti nafar sportchi orasida shaxsiy natijalar bo‘yicha Sardorbekning natijasi eng pastlaridan biri edi. Bu narsa dast ko‘tarishda o‘z isbotini topdi. Do‘smurodov dast ko‘tarishda 170 kilogramm natija bilan 6-o‘rinni egallab turgandi (uchala urinishni muvaffaqiyatli bajardi — 160, 165, 170 kg). Dastlabki mashqdan keyin yuqori beshlikni egallab turgan atletlar O‘zbekiston vakilidan kamida 10 kilogrammga o‘tib ketgandi.
Siltab ko‘tarish bahsiga kelib, Sardorbek eng yaxshi natijani qayd etdi. U ikkinchi urinishdayoq 221 kilogrammni o‘ziga bo‘ysundirib, raqiblarining natijasini kuta boshladi. Bu orada g‘oliblikka da’vogar hisoblanayotgan Sergey Istomin (Qozog‘iston) va Navab Nosirshelal (Eron) siltab ko‘tarishning barcha urinishlarini muvaffaqiyatsiz bajarib, Do‘smurodovga medallar uchun yo‘l ochib berdi.
Siltab ko‘tarish mashqida O‘zbekiston murabbiylari ham to‘g‘ri taktika tanladi. Ayniqsa, iroqlik sportchi siltab ko‘tarishning birinchi urinishida 210 kilogrammni ko‘tarib, keyingi urinishlarda 217 kilogrammni ko‘tara olmaganidan so‘ng, o‘zbekistonlik murabbiylar 221 kilogrammga buyurtma berdi.
O‘zbekiston atleti esa mazkur buyurtmani muvaffaqiyatli bajardi va vazn bo‘yicha iroqlik Abbuddan yuqoriga chiqib oldi. So‘nggi urinishda O‘zbekiston murabbiylari 228 kilogrammga buyurtma berdi. Agar Sardor ushbu toshni ham ko‘targanida, kumush medalni qo‘lga kiritardi.
Ushbu bahsda chempionlik 403 kg (186+217) ko‘targan Xitoy vakili Je Yangga nasib qilgan bo‘lsa, kumush medalga 397 kg (182+215) natija qayd etgan koreyalik Min Chje Kim sazovor bo‘ldi.
Izoh (0)