Navoiy viloyati Davlat bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurash bo‘yicha bo‘limi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan hamkorlikda “Isuzu” markali avtomashina to‘xtatildi. Transport vositasi ko‘zdan kechirilganda, unda 2,6 tonna rangli metall chiqindilari topilib, olib qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyati fuqarosi narxi 1,5 million so‘mdan ziyod bo‘lgan metallga kerakli hujjatlarsiz, noqonuniy egalik qilmoqchi bo‘lgan.
Shuningdek, bojxona xodimlari tezkor ma’lumotlar asosida boshqa huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan birgalikda Toshkent viloyatining chegaraga yaqin tumanida joylashgan Z. F. xonadonida tintuv o‘tkazdi. Tintuv vaqtida qo‘shni mamlakatga olib chiqib ketilishi lozim bo‘lgan 4,5 tonna rangli metall topilib, olib qo‘yildi.
Toshkent viloyati Davlat bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurash bo‘yicha bo‘limi xodimlari ham boshqa huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan hamkorlikda rangli metallni davlat hududidan noqonuniy olib chiqib ketilishini oldini olishga muvaffaq bo‘ldi. Qonuniy tartib bilan N. Y.ning xonadonini ko‘zdan kechirish vaqtida u yerda 4,4 tonnadan ziyod rangli metall chiqindilari saqlanayotgani aniqlandi.
Ayni damda sanab o‘tilgan barcha qonunbuzarliklar bo‘yicha bojxona tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)