Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilayotgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida bugunga qadar faqatgina futbol bo‘yicha guruh bahslariga start berilgan edi. Bugun Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan qolgan sport turlari bo‘yicha birinchi kungi bahslar boshlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Musobaqalarning birinchi kunidayoq O‘zbekiston delegatsiyasi hisobi dastlabki bronza medali bilan boyidi. Og‘ir atletika bo‘yicha bo‘lgan xotin-qizlar musobaqasi (-48 kg)da Mahliyo Tog‘ayeva dast ko‘tarishda 85 kilogramm, siltab ko‘tarishda esa 106 kilogramm, ikkikurash yakunlariga ko‘ra, jami 187 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundirib, Osiyo o‘yinlarining bronza medali sovrindori bo‘ldi.
“Albatta, bunday yirik sport o‘yinlarida delegatsiyamiz hisobiga birinchi bo‘lib medal keltirganimdan juda ham xursandman, — dedi Mahliyo Tog‘ayeva. Musobaqalar o‘ta kuchli raqobat ostida kechdi. Hatto olimpiada o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan sportchilar ham yakunda medalsiz qoldi. Har qanday sport turida ham yangidan-yangi nomlarni chiqishi o‘sha sport turining faqat rivoji uchun xizmat qiladi. Aslida kuchli raqobat ostida kurashish har bir sportchiga o‘ziga zavq bag‘ishlaydi. Bugungi musobaqalar o‘ylaymanki, muxlislarga ham manzur bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, bo‘lajak musobaqalarda barcha yurtdoshlarimizga omad va zafarlar tilamoqchiman”.
Ushbu musobaqalarda kumush medalga sazovor bo‘lgan hindistonlik Agustiani Sri Wanyuni ham umumiy 187 kilogramm natijani qayd etdi. Ma’lumki, og‘ir atletika sport turida bunday vaziyatda qay bir sportchining shaxsiy vazni yengilroq bo‘lsa, o‘sha sportchi yuqori o‘ringa sazovor bo‘ladi. Ushbu sportchilarning shaxsiy vaznlari bo‘yicha hindiston vakili 200 gramm yengil ekanligi ma’lum qilindi va unga kumush medal topshirildi. Osiyo o‘yinlari g‘olibligi esa qozog‘istonlik Margarita Yeleseyevaga nasib etdi. Margarita dast ko‘tarishda 88 kilogramm, siltab ko‘tarishda 106 kilogramm natijani qayd etib, eng yaqin ta’qibchilaridan 7 kilogrammga o‘zib ketdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ushbu vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Olimpiada o‘yinlari g‘olibi Tian Yuan (Xitoy) 11-o‘rinni, olimpiada o‘yinlari sovrindorlari Paek llnwa (KXDR) hamda Khamsri Panida (Tailand) mos ravishda beshinchi va oltinchi o‘rinlarni band etdi.
Izoh (0)