O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy sayti ko‘rish qobiliyati cheklanganlar uchun o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishga tushdi. Bu haqda TIVning axborot xizmati xabar bermoqda.
Endi saytdagi ko‘zoynak surati tushirilgan belgini bosish orqali ma’lumotlarni teskari (kontrast) rangda ko‘rish rejimiga o‘tkazish mumkin. Bundan tashqari, “Shriftni kattalashtirish” funksiyasi ham joriy etilgan bo‘lib, u orqali foydalanuvchilar o‘ziga qulay o‘lcham va rejimni tanlashi mumkin.
Bundan avvalroq O‘zbekiston TIV saytining mobil versiyasi ishga tushirilgan edi (m.mfa.uz). Mazkur versiyada foydalanuvchilarning internet trafikini iqtisod qilish maqsadida rasmlar namoyish etilmaydi. Mobil versiyadan saytning asosiy versiyasi singari o‘zbek, ingliz va rus tillarida foydalanish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Tashqi ishlar vazirligining Facebook’dagi rasmiy sahifasi avgust oyi boshida yo‘lga qo‘yildi. Mazkur sahifaga yangiliklardan parchalar, fotomateriallar joylanadi. Shuningdek, u foydalanuvchilar savollari bilan ish olib borishga yordam bermoqda.
Izoh (0)