Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida 9-sentabr kuni “Uzoq va yaqin Ummon” nomli madaniy-tarixiy ko‘rgazma o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Ummon Sultonligi Vazirlar Mahkamasi Milliy devonxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmaning ochilishida turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, rassomlar, san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov, Ummon Sultonligi Vazirlar Mahkamasi Milliy devonxonasi raisi Hamad bin Muhammad al-Davyaniy O‘zbekiston bilan Ummon o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniyat va san’at yo‘nalishlarida ham izchil taraqqiy etib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Poytaxtda ochilgan ushbu ko‘rgazmada Ummonning bugungi kuni va tarixiga bag‘ishlangan san’at va foto asarlari, xalq amaliy san’ati namunalari, tarixiy hujjatlar, milliy liboslar, zargarlik buyumlari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar Ummon xalqining turmush tarzi, urf-odatlari, adabiyot va san’ati, musiqasi, madaniyatning boshqa sohalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.
Ko‘rgazmadan o‘rin olgan asarlar, tarixiy hujjatlar, qadimgi tanga va xaritalar, yorqin ranglarda aks ettirilgan kompozitsiyalar, ummonlik san’atkorlarning milliy kuy-qo‘shiqlari va raqslari san’at ixlosmandlarini befarq qoldirmaydi. Bu yerda tomoshabinlar ummonlik olim va mutaxassislar tomonidan milliy merosni asrash, tarixiy hujjatlarni tiklash va o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishishi mumkin.
Mazkur ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning qator universitetlari talabalari o‘rtasida “Siz Ummonni bilasizmi?” viktorinasi o‘tkaziladi. G‘oliblar Ummonga sayohat qilish imkonini qo‘lga kiritadi.
Izoh (0)