Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti ijrosining 2014-yil birinchi yarim yillik yakunlari to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi. Fraksiya a’zolari, bir qator mutasaddi vazirliklar, idora va tashkilotlarning mas’ul rahbar xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayevning hisoboti tinglandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi axborot xizmati.
Fraksiya a’zolaridan biri Abdukamol Rahmonov hisobot davrida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti xarajatlarining 60,8 foizi miqdorida mablag‘ ajratilganini ta’kidladi. Bu xarajatlar YaIMga nisbatan 14,6 foizni tashkil etdi.
Xususan, ijtimoiy soha xarajatlarining asosiy qismini (57,1 foiz) tashkil etgan ta’lim muassasalari ta’minoti va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 5102,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ayniqsa, umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, sport zallari va boshqa infrastuktura obyektlarini barpo etish, ularni o‘quv-laboratoriya, ishlab chiqarish va sport jihozlari, kompyuter texnikasi va axborot kommunikatsiya texnologiyalari, o‘quv mebellari va inventarlar bilan qayta jihozlash ishlari uchun sarflangan xarajatlar fraksiya a’zolari diqqat markazida bo‘ldi.
Fraksiyaning boshqa bir a’zosi Kamola Hamidova oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan:
- oliy ta’lim muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga — 142,6 milliard so‘m;
- jihozlash uchun — 22 milliard so‘m;
- kapital ta’mirlash uchun — 51 milliard so‘m ajratilganligini qayd etdi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda oliy ta’limdan keyingi bosqich sifatida, ilm-fanni rivojlantirishni moliyalashtirishga davlat byudjetidan ajratilgan xarajatlar ijrosi ham e’tibor markazida bo‘ldi. Ushbu maqsadlar uchun hisobot davrida 69,5 milliard so‘m yoki 2013-yilning mos davriga nisbatan 11,5 foizga ko‘p mablag‘ sarflangani qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilishda sog‘liqni saqlash sektorini rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlariga hisobot davrida davlat byudjetidan 2030,1 milliard so‘m yoki 2013-yilning mos davriga nisbatan 16 foizga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgani ma’lum qilindi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, fraksiya a’zolari O‘zbekiston “Adolat” SDP pozitsiyasi nuqtai-nazaridan kelib chiqib, o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi va 2014-yil 1-yarim yillikdagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijrosini ma’qulladi.
Izoh (0)