AQShning Kolorado-Springs shahrida dzyudo bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar bitta oltin, uchta kumush va to‘rtta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot xizmati xabar bermoqda.
Nufuzli musobaqa g‘olib va sovrindorlarini Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi vakillari, sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari vakillari kutib oldi.
Jahon chempionatida dunyoning 80 dan ortiq davlatidan 500 nafardan ziyod sportchi sovrinli o‘rinlar hamda 2016-yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi reyting ochkolari uchun bellashdi. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan 15 dzyudochining sakkiz nafari g‘olib va sovrindor bo‘ldi.
“G‘alabam sharafiga mamlakatimiz bayrog‘i baland ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganda cheksiz faxr-iftixor hissini tuydim, — dedi jahon chempioni Odiljon Tulendiboyev. — Mazkur nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etganimiz mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida biz, yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, o‘z salohiyatimizni ro‘yobga chiqarishga yaratilgan shart-sharoitlar tufaylidir. Maqsadim Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida o‘tadigan Paraosiyo o‘yinlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishdir”.