2014-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi. Mazkur hujjat asosida Jinoyat Kodeksiga bankrotlik bilan bog‘liq yangi jinoyat kiritildi, deb xabar bermoqda Xushnudbek.uz.
Mazkur qo‘shimchaga binoan, endilikda qasddan bankrotlikka olib kelish jinoiy harakat sifatida baholanadi. Bu haqida Jinoyat Kodeksiga yangi 181-1-modda (prim bir) kiritildi.
Unga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yoki yuridik shaxs mansabdor shaxsi, muassisi (ishtirokchisi) yoxud mol-mulkining mulkdori tomonidan shaxsiy manfaatlarini yoki boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan qasddan bankrotlikka olib kelish eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Kodeksga kiritilgan o‘zgartirish bo‘yicha, agarda yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan.
Shuningdek, xuddi shu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham qasddan bankrotlikka olib kelish bilan bog‘liq yangi modda kiritildi. Ya’ni agarda qasddan bakrotlikka olib kelish bilan bog‘liq harakatlar natijasida kreditorlarga yetkazilgan zarar miqdori ko‘p miqdordan kam bo‘lsa (32 mln. so‘mdan), unda jinoiy emas, balki ma’muriy javobgarlik kelib chiqadi. Bunday holatda javobgar hisoblangan mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Mazkur o‘zgartirishlarga doir batafsil ma’lumotlar bilan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning saytida tanishishingiz mumkin.
Izoh (0)