Afrikadagi Syerra-Leone davlatida 18—21-sentabr kunlari to‘rt kunlik umummilliy karantin e’lon qilindi. Bu vaqt davomida odamlarga kuchli zarurat tug‘ilmasa, uydan tashqariga chiqish tavsiya etilmaydi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Shu tariqa, mamlakat hukumati Ebola bezgagini erta bosqichda aniqlash orqali uning tarqalishi oldini olishga harakat qilmoqda.
Hukumat buyrug‘iga rioya qilinishi ustidan nazorat o‘rnatishga 20 mingdan ziyod kishi jalb etiladi. Birorta shaxsda kasallik bilan bog‘liq belgilar kuzatilsa, u tekshiruv uchun Syerra-Leone poytaxti Fritaun shahridagi laboratoriyaga jo‘natiladi. Bu yerda tekshiruv natijalari bir necha soatda ma’lum qilinadi.
Karantin hozirda Syerra-Leonening Gvineya bilan chegaradosh bir qancha shaharlarida joriy qilingan.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola bezgagidan G‘arbiy Afrikada 2000 dan ziyod kishi halok bo‘lgan, yana 4000 ga yaqini ushbu kasallikni yuqtirib olgan. Qurbonlar soni bo‘yicha Gvineya, Liberiya va Syerra-Leone yetakchilik qilmoqda. Shifokorlarning qayd etishicha, epidemiya tarqalishini nazorat qilishning hozircha iloji yo‘q.
Yevropa komissiyasi mintaqadagi bir qator qashshoq mamlakatlarga Ebolaga qarshi kurash uchun 140 million yevro ajratish haqida qaror qabul qildi.
Izoh (0)