Joriy yilning 3—6-sentabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kolorado-Springs shahrida paralimpiyachilar o‘rtasida dzyudo kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan 15 sportchidan sakkiz nafari sovrindorlar safidan o‘rin egalladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Mazkur jahon chempionatida dunyoning bugungi kundagi eng kuchli dzyudo ustalari aniqlanishi bilan birga, 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaldi.
Birinchi kungi musobaqada O‘zbekiston sportchilarining ikkita kumush va uchta bronza medalga sazovor bo‘lganini xabar bergan edik.
Jahon chempionatining ikkinchi kungi bahslarida mutlaq (+100 kg) vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Odiljon Tulendiboyev terma jamoa xazinasiga oltin medalni keltirdi.
Ikkinchi kungi musobaqada, shuningdek, Shirin Sharipov (-100 kg) kumush, yana bir o‘zbekistonlik sportchi Shuhrat Boboyev (-90 kg) bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, dzyudo kurashi bo‘yicha Jahon chempionati musobaqalarining yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bitta oltin, uchta kumush va to‘rtta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan terma jamoa a’zolari 8-sentabr kuni soat 21:00 da O‘zbekistonga qaytib keladi.
Izoh (0)