O‘zbekiston terma jamoasi va “Lokomotiv” klubi himoyachisi Vitaliy Denisov yana bir bor rossiyalik jurnalistlar tomonidan O‘zbekiston haqida berilgan savollarga javob berdi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
Futbolchi intervyu berar ekan, vaqti bo‘lishi bilan trenajyor zaliga borib, asosan, velosipedda mashq qilishini, bundan tashqari, ba’zan xiyobonda yugurishini aytdi. “Yugurish yo‘lakchasini yomon ko‘raman, chunki u qattiq bo‘lgani uchun mushaklar zo‘riqib qoladi”, — deydi Denisov.
Futbolchi O‘zbekiston, umuman, butun O‘rta Osiyodan ko‘pchilik Rossiyaga ishlash uchun borishi haqida berilgan savolga “Bizdan faqat Rossiyaga emas, balki boshqa o‘lkalarga ham ishlash uchun borishadi. Ko‘pchilik Osiyo davlatlariga boradi. Men Amirliklar, Xitoy va Germaniyada ko‘plab vatandoshlarimni uchratganman. Rossiyaga ko‘p kelishlarining sababi esa, til masalasida muammo yo‘qligi bo‘lsa kerak. Boz ustiga yashash uchun joy topish ham osonroq. Men bolalikdan birga o‘sgan do‘stlarim bilan suhbatlashib turaman, ular Amirliklarda ishlaydi”, — deb javob berdi.
O‘zbekiston mevalari haqida fikr bildirar ekan, Denisov O‘zbekistonning barcha mevasini, ayniqsa, qovun va tarvuzni sotib olib, tatib ko‘rishni maslahat berdi: “Bizdagi qovun-tarvuzdan mazalirog‘ini hech qayerda ko‘rmaysiz!”
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Braziliya va AQShga borib ko‘rish, Nyu-York va Las-Vegasda mehmon bo‘lish istagi borligini aytib o‘tdi. “U yerdagi tungi shaharni ko‘rishni orzu qilaman. Kazino? Yo‘q, men pul tikishga berilib ketadigan odam emasman, umrim davomida uch martagina kazinoga kirganman. Ammo yutqazmaganman. Do‘stlarimning sharofati bilan, albatta”, — deydi Denisov.
Izoh (0)