Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Xabar” telekanaliga bergan intervyusida agar Qozog‘iston manfaatlariga zarar yetkazilsa, uning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidan voz kechish huquqiga ega ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Tengri News’ga tayanib, iPress.ua xabar bermoqda.
“Agar shartnomada belgilangan qoidalarga rioya qilinmasa, Qozog‘iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidan voz kechish huquqiga ega. Men bu haqda avval ham aytganman va buni yana takrorlayman”, — dedi Nazarboyev.
Shuningdek, u Qozog‘istonning mamlakat mustaqilligiga xavf soladigan tashkilotlar a’zosi bo‘lmasligini aytib o‘tdi. “Birinchidan, biz hech qachon mustaqilligimizni boy berib qo‘ymaymiz. Ikkinchidan, biz uni himoyalash uchun qo‘limizdan keladigan barcha ishni qilamiz”, — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti “Seliger” yoshlar forumida Nursulton Nzarboyevni “g‘aroyib ishni amalga oshirib, shu paytgacha davlat bo‘lmagan hududda davlat tuzgan”ini aytib o‘tgan edi.
26-avgust kuni Qozog‘iston prezidenti Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish uchun Ukraina rahbari Pyotr Poroshenkoning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaraga bevosita kirishishi tarafdori ekanini ma’lum qilib, Ukrainaning sharqiy tumanlarini gumanitar yordam bilan ta’minlashga tayyorligini aytgan edi.
Izoh (0)