O‘zbekiston terma jamoasi 16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida Malayziya o‘smirlarini mag‘lub etdi. Bu haqda Stadion.uz xabar bermoqda.
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston U-16 o‘smirlar terma jamoasi bugun rejaga ko‘ra yig‘in davomidagi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvini Malayziya U-16 o‘smirlariga qarshi o‘tkazdi.
PJM stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Mochinov shogirdlari uchrashuvning ilk daqiqalaridayoq hisobni ochishga erishdi. Birinchi bo‘lim so‘ngida O‘zbekiston o‘smirlari ikkinchi golni kiritdi va tanaffusga shu hisobda chiqdi. Ikkinchi bo‘limda esa jamoalar bittadan to‘p kiritdi. Uchrashuv 3:1 hisobida o‘zbekistonlik o‘smirlar g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ma’lumot uchun, Malayziyadagi yig‘in 31-avgust kuni yakuniga yetgach, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Chempionatida ishtirok etish uchun u yerdan to‘g‘ri Tailandga yo‘l oladi.
Eslatib o‘tamiz, Tailand mamlakati mezbonlik qiladigan U-16 o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 6—20-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Aleksandr Mochinov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-16 terma jamoasi musobaqaning guruh bosqichida Nepal, Quvayt va KXDR o‘smirlar terma jamoalariga qarshi to‘p suradi.
O‘rtoqlik uchrashuvi (Kuala Lumpur)
Malayziya (U-16) — O‘zbekiston (U-16) 1:3
Gollar: Akram Naji (47) — Jonibek Ko‘chimov (8, penalti, 65), Islom Kenjaboyev (41).
O‘zbekiston (U-16): A. Xodjayev, I. Alijonov (s), O. Qurbonov, D. Berdiqulov, O. Nurmatov (M. Jumayev 72), J. Ahmadov (S. Abramov, 64,), Sh. Maxmudxojiyev, I. Kenjaboyev, J. Ko‘chimov, R. Sharipov (B. Murtazoyev 56), A. G‘aniyev (A. G‘anijonov 80)
Izoh (0)