O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘zining futbolga kirib kelgan va maydonda to‘p surgan vaqtlari bilan bog‘liq xotiralarini yodga oldi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
1979-yilgi falokat
1979-yilning yozi edi. Men vaqtimni o‘zim tengi bolalar bilan ko‘cha changitib, to‘p tepib o‘tkazardim. Hali futbolga qatnamasdim, yozgi ta’tilni hamma qatori ko‘chada o‘tkazardim. O‘shanda avtohalokatga uchraganman. Mashina g‘ildiragi mendan qandaydir santimetrlar narida to‘xtagan. Kasalxonaga behush holatda keltirishgan. O‘shanda Xudo meni bir saqlagan edi...
Keyinchalik, esimni taniganimdan so‘ng “Paxtakor” ham o‘sha yilda, o‘sha yozda halokatga uchragani haqida ko‘p o‘ylaganman. Bu voqealik o‘rtasida bog‘liqlik bor demayman, ammo bilganim shuki, meni Xudo ota-onamga xuddi o‘sha vaqtda qaytarib bergan. Hammasi Yaratganning irodasi bilan bo‘ladi. O‘sha osmonda portlab ketgan yigitlar o‘rniga maydonga tushganimda, ularga munosib bo‘lishga harakat qilardim...
Yevropa va jahon chempioni
Sobiq ittifoq davrida “Yunost”, “Nadejda” deb ataladigan bolalar musobaqalari bo‘lardi. Mana shu musobaqalarda men ham qatnashganman. 1984-yilda shahar birinchiligida g‘olib chiqqanimizdan so‘ng, respublika darajasida ham g‘alaba qozondik. Shundan so‘ng, Voronej shahrida bo‘lib o‘tgan sobiq ittifoq chempionatida o‘ynadik. O‘sha musobaqada o‘smirlar terma jamoasi murabbiylari e’tiboriga tushganman. Terma jamoaga da’vogarlar soni juda ko‘p edi. Har safargi yig‘inda 45-50 nafar futbolchi ishtirok etardi. Har safar shuncha bola orasidan chiqishga to‘g‘ri kelardi. Tinmay ishlardik, bola boshimizdan raqobat qanday bo‘lishini o‘shanda bilganmiz.
Keyin o‘smirlar terma jamoasi tarkibida Yevropa chempionatida g‘olib chiqdik. Ko‘p o‘tmay, jahon chempionatida ham g‘alabaga erishdik. Shundan so‘ng, meni 1969-yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat terma jamoaga taklif etishdi. Bu terma jamoa bilan ham muvaffaqiyatli o‘ynadik. Ammo Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati biz uchun ko‘ngilsiz yakunlandi. Chorak finalda Nigeriya terma jamoasini 4:0 hisobida yengib turgan edik. O‘sha musobaqada biz favorit hisoblanardik, g‘olib chiqishga asosiy da’vogar edik. Ammo o‘yin tugashiga 20 daqiqa qolganida hammasi barbod bo‘ldi. Nigeriyaliklar ketma-ket to‘rtta gol kiritdi va penaltilar seriyasida biz mag‘lubiyatga uchradik. Bundan ortiq alam bo‘lmasa kerak.
Buning ustiga o‘yindan keyin turli gap-so‘zlar boshlanib ketdi. Bizni turli narsalarda ayblashdi. O‘shanda juda qattiq siqilganman. Ahvol shu darajagacha bordiki, siqilaverganimdan mazam qochib, kasalxonaga tushib qoldim. Ancha vaqt davolanishga to‘g‘ri keldi. Futbol insonga ham katta baxt, ham katta dard berishi mumkinligini o‘shanda birinchi marta bilganman.
Xirosima — 1994
Davlatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, biz — sportchilar ham katta imkoniyatga ega bo‘ldik. O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynay boshladik. Bunaqa imkoniyatni ilgari faqat orzu qilishimiz mumkin edi. Endi biz o‘z yurtimiz sharafini himoya qilardik. Buning rohatini, lazzatini maydonga tushib ko‘rgan biladi. Shunga monand, ilk yirik xalqaro musobaqa — Xirosima o‘yinlarida g‘alabaga erishdik.
Yaqinda singapurlik allaqanday bukmeker o‘sha musobaqa haqida aytgan turli gaplarni eshitdim. To‘liq emas, bir uchini eshitdim, xolos. Ammo shu ham yetarli bo‘ldi. Hammasi bekor gap. Xitoy o‘lib-tirilib finalga chiqar ekan-da, keyin o‘yinni osongina bukmekerlarga berib yuborar ekanmi? Bekor gap. O‘sha o‘yinda xitoyliklar maydonga “o‘ligini” ham, “tirigini” ham tashlagandi. Uchrashuv shunchalik og‘ir o‘tgandiki, tugashi bilan holdan toyib, yerga yiqilgan edim. Bu g‘alabaning bahosi ancha og‘ir bo‘lgan, futbolchilarda gapirishga ham majol qolmagandi.
O‘yin tugagach, Shuhrat Maqsudov bayrog‘imizni ko‘tarib yugurgani yodingizda bo‘lsa kerak. Men shunchalik charchagan edimki, o‘sha vaziyatni ham yerda yotgan holatda ko‘rganman. O‘shanda bayram qilishga ham majol qolmagandi. Qayerdagi bukmeker bo‘lsa, xitoyliklar ataylab yutqazganini yozadi.
O‘sha bukmekerlar ham maydonga tushib, 90 daqiqa Xitoyning bosimiga qarshi turib berganda ko‘rardim, o‘yin qanday kelishilishini...
Jarohat
1996-yilda og‘ir jarohatga uchradim. Umurtqamda “churra” (grija) bor ekan, bir kunda hammasi o‘zgarib ketdi.
O‘shanda “Alaniya” bilan “Rostov”ga qarshi o‘yin o‘tkazib, 3:2 hisobida g‘alabaga erishgan edik. Sanasi ham esimda, 17-avgust edi. Uchrashuvdan so‘ng, uyga yaxshi kayfiyatda qaytdim. Har doimgidek kechki ovqatga butun oilamiz bilan o‘tirdik. Kayfiyat juda yaxshi edi. Boz ustiga qo‘shnim ham chiqqan, u bilan kulishib, suhbatlashib o‘tirdik. Hammasi yaxshi edi, ammo ovqatdan so‘ng o‘rnimdan qo‘zg‘almoqchi bo‘lganimda, oyoqlarimni qimirlata olmay qoldim. Birdan kuchli og‘riq qayta joyimga bukib qo‘ydi. Soppa-sog‘ o‘tirgan odam birpasda yarim jonga aylandim, qoldim.
O‘sha vaqtdagi holatimni hozir so‘z bilan yetkazib bera olmayman. Futbolchi uchun jarohatdan dahshatliroq narsa bo‘lmaydi. Sal qolsa o‘shandayoq faoliyatimni yakunlashim mumkin edi. Baxtimga O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbariyati yordam berdi. Meni davolash uchun Germaniyaga yuborishdi. Ammo Osiyo Kubogini o‘tkazib yuborishimga to‘g‘ri keldi. Juda alam qildi.
Kutilmaganda Germaniyada ham muammo yuzaga keldi. Jarrohlar mendan operatsiya yaxshi chiqmagan taqdirda, ularga hech qanday da’vom yo‘qligi haqida hujjatga imzo chekishni talab qildi. Umurtqa pog‘onasida sochdan ham nozikroq asab tolasi bo‘lar ekan. O‘sha tola biroz shikastlansa, oyoq yoki qo‘l ishlamay qolarkan. Men imzo chekishdan bosh tortdim, axir futbolchiman! Ammo jarrohlar busiz operatsiya qilinmasligini aytdi. Allohga tavakkal qildim, operatsiyaga rozi bo‘ldim. O‘shanda rafiqam operatsiyadan so‘ng o‘zimga kelgunimcha tepamda turgan. Germaniyaga turmush o‘rtog‘im va o‘g‘lim Mirjamolni ham olib ketgandim. Mirjamol o‘shanda endi yura boshlagandi.
Yaratganga shukr, operatsiya yaxshi o‘tdi. Rafiqamning aytishicha, ko‘zimni ochishim bilan oyoqlarimni qimirlatib ko‘rgan ekanman. So‘ngra: “Xudoga shukr, yana futbol o‘ynarkanman”, debman. “Yana yurib ketaman” emas, “futbol o‘ynayman”, deganman. Shunaqa! Futbolga bir kirgan odam, undan chiqib keta olmaydi...
O‘shanda operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa ham, “churra” deganlari juda yomon bo‘larkan. Hozir ham uning asoratlari qolgan. Ba’zan kechalari dahshatli og‘riydi, uxlay olmay chiqaman. Iloj yo‘q, chidashga to‘g‘ri keladi. Bu og‘riqlar menga futboldan esdalik bo‘lib qolgan. Ba’zan muhim o‘yinlar bo‘lganda, ukol olib ham o‘ynashga to‘g‘ri kelardi. Axir terma jamoa har kuni muhim o‘yin o‘tkazavermaydi-ku, maydonga tushish esa kerak. O‘sha ukollarning asorati esa qolarkan.
“Alaniya”
Faoliyatimdagi eng yorqin damlar “Alaniya” bilan bog‘liq. Bu klubdan ko‘p yoqimli esdaliklar qolgan. U yerdagi sarguzashtlarimdan butun boshli kitob qilsa bo‘ladi. Osetinlar ancha qiziqqon xalq bo‘ladi, futbolni juda yaxshi ko‘radi. Vladikavkazda bo‘lgan ikki voqea yodimda qolib ketgan.
Klubga endi borgan vaqtlarimiz edi. “Paxtakor”dan men, Genaddiy Denisov va Igor Shkvirin bilan birga yo‘l olganmiz. Biroz vaqt o‘tgach, Igor boshqa jamoaga o‘tib ketdi va biz Denisov bilan Vladikavkazda qoldik.
Klub bazasida yashardik. Bir safar Genaddiy bilan osh yegimiz kelib qoldi. Men taxminan osh qanday damlanishini bilardim, qolganiga O‘zbekistonga telefon qilib, “instruksiya” olib turishga qaror qildik. Shu maqsadda bozorga yo‘l oldik. Bozor-o‘char zo‘r bo‘ldi, ikkimizning ham qo‘limiz to‘la narsa, faqat go‘sht olish qoldi. Birgalashib go‘sht sotiladigan pavilyonga yo‘l oldik. Ammo... qarasak, pavilyon yopiq. Darvozasiga qog‘oz yopishtirib, “pechatlab” qo‘yishibdi. Bilsak, sanitariya kuni ekan, “pechat” esa “sanepidemstansiya”niki.
Bosh qotib qoldi. Go‘shtsiz osh — osh emas, buni yaxshi bilasiz. Biroz o‘ylanib turgach, Denisovga: “Vi zdes postoyte, ya posmotryu, mojet chto-nibud naydu”, deya pavilyonning orqa tomoniga o‘tdim. Borsam, eshik katta ochiq turibdi. Tavakkal qilib ichkariga kirdim. Qorong‘u yo‘lak, hech kim yo‘q. Sal yurganimdan keyin zalga chiqdim, u yerda oq xalat kiygan, savlatidan ot hurkadigan bir ayol o‘tirgan ekan. Darrov “kto takoy?” deb do‘q urib qoldi. “Myaso xotel kupit” dedim. “Ti sam kto takoy?”, — dedi yana. “Futbolist, iz Uzbekistana. V ‘Alanii’ igrayu” dedim. Ayol darrov o‘zgardi. O‘shanda bu ayol meni qayerdan ham tanirdi, deb o‘ylagandim. U esa darrov: “Kasimov chto-li?” deb so‘rab qoldi. Hayron qoldim. Osetinlarning hatto ayollari ham futbolchilarni nomma-nom bilar ekan.
Buning yaxshi tomoni esa shundaki, ishimiz tez pishdi. Tezda o‘zimizga kerakli palovbop lahm go‘sht ham topildi, “SES”ning boshlig‘i bilan ham yaxshilab tanishib oldik. Keyinchalik, oilamni ko‘chirib kelganimdan so‘ng, u orqali ro‘zg‘orga kerak bo‘ladigan tansiq mahsulotlarni olib turardim. Qiziq tomoni, u ayolning otasi bir necha yil Qashqadaryoda ishlagan ekan, o‘zbekchani baloday bilar ekan. Bir safar tug‘ilgan kunida uyiga borganman, otasi bilan ancha suhbatlashganmiz.
Yana bir qiziq voqea esa kiyim do‘konida bo‘lgan. O‘zimga kiyim olish uchun do‘konga kirsam, sotuvchi ayol kishi ekan. Meni darhol tanidi, ammo bunday holatlarga allaqachon ko‘nikib bo‘lgandim. Tanisa, tanir, nima qilibdi? Ammo qizig‘i keyin boshlandi. Tanlagan kiyimlarimni olib, narxini so‘raganimni bilaman: “Ol, shundayligicha olaver, puling kerakmas. Faqat yutib tursang bo‘lgani. ‘Alaniya’ yutqazsa, erim uyda janjal qiladi. Senga sovg‘a berganimni eshitsa, kayfiyati ko‘tariladi. Puling kerakmas, faqat yutib tursang bo‘lgani. Erim uyga xursand holda kelishini xohlayman”, — desa bo‘ladimi? Nima qilishni bilmay qoldim. Qanday qilib tekinga olaman axir, bunaqasi bizga — o‘zbeklarga to‘g‘ri kelmaydi. Pulni berdim. Keyingi o‘yinda albatta gol urishga va imkon qadar g‘alaba qozonishga ham va’da berdim.
Va’damni bajardim, gol urdim. Jamoamiz ham g‘alaba qozondi. O‘sha ayolning uyida ham bayram bo‘lgandir. Osetinlar uchun ‘Alaniya’ g‘alaba qozongan kun har doim bayram bo‘lar edi...
Mirjalol Qosimovning ichki kechinmalari, tayyorgarlik jarayoni va Osiyo o‘yinlari haqidagi fikrlari ertaga e’lon qilinadi.
Izoh (0)