26-avgust kuni Rossiyaning Chelyabinsk shahrida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati boshlandi. Musobaqaning ilk kunida erkaklar ikki (60 va 66 kg), ayollar ikki (48 va 52 kg) vazn toifasida bahslarda ishtirok etdi. Bu haqda Stadion.uz xabar bermoqda.
London olimpiadasidan keyin 66 kilogramm vazn toifasiga o‘tgan Rishod Sobirov turnirni yomon boshlamadi. U dastlabki bosqichda germaniyalik Rene Shneyderni “vazari” bahosi bilan mag‘lub etdi. Ikkinchi bosqichda esa Rishod serbiyalik Siganovichga qarshi tatamiga chiqdi va bahs tugashiga ikki soniya qolganida raqibining kuragini yerga tekkazdi — “ippon”.
Uchinchi bosqichda Rishodga ushbu vazn toifasida birinchi raqamli reytingga ega bo‘lib turgan Charlz Chibana raqiblik qildi. Bellashuv tugashiga 26 soniya qolganida Sobirov uslub qo‘llab, “ippon” bahosiga ega bo‘ldi va chorak finalga chiqdi.
Chorak finalda esa fransiyalik Loik Korval o‘zbekistonlik sportchiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Yevropalik dzyudochi ikki daqiqada g‘alabani rasmiylashtirdi.
Natijada Rishod Sobirov bronza medal uchun saralash bahslarda ishtirok etadigan bo‘ldi. Kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan bahsda unga ukrainalik Georgiy Zantaraya raqib bo‘ldi. Jangning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Qo‘shimcha bo‘limda esa “vazari” ishlagan Ukraina dzyudochisi bronza medal uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Rishod Sobirov esa 7-o‘rinni band etdi va ma’lum reyting ochkolariga ega bo‘ldi.
Musobaqalarning birinchi kuni vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda o‘zbekistonlik sportchi Diyorbek O‘rozboyev sovrindorlar safidan o‘rin olmadi. Diyorbek dastlabki bellashuvda Braziliya, ikkinchi bosqichda esa Ekvador vakilini mag‘lub etib, uchinchi bellashuvda qozog‘istonlik sportchiga imkoniyatni boy berdi.
Ayollar o‘rtasida vazni 48 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar musobaqasida tatamiga chiqqan O‘zbekiston dzyudochisi Muqaddas Kubeyeva birinchi bellashuvda Nepal vakilini mag‘lub etib, ikkinchi uchrashuvda ukrainalik sportchiga imkoniyatni boy berdi.
Quyida qolgan vazn toifalarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining dastlabki raqiblari berilgan:
Erkaklar:
73 kilogramm. Mirali Sharipov — Li Golder (Yangi Zelandiya)73 kilogramm. Sarvar Shomurodov — Qosim Populov (Turkmaniston)81 kilogramm. Shahzod Sobirov — German Ayala (Meksika)81 kilogramm. Shuhratjon Arslonov — Forter Valois (Kanada)90 kilogramm. Sherali Jo‘rayev — Nurali Yalkarov (Turkmaniston)100 kilogramm. Soib Qurbonov — L.Boyyakub (Jazoir)+100 kilogramm. Abdulla Tangriyev — Borko Bor (Vengriya)
Xotin-qizlar:
70 kilogramm. Gulnoza Matniyozova — Ilyana Marzok (Germaniya)
Izoh (0)