21-avgust kuni Birlashgan kurash turlari xalqaro federatsiyasi (FILA) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Toshkentda o‘tkaziladigan jahon chempionatida Ebola kasalligi tarqalgan G‘arbiy Afrika davlatlarining ishtirok etish-etmasligiga aniqlik kiritish uchun so‘rov yubordi. Bu haqda Wrestling.uz xabar bermoqda.
Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada rasman bir qarorga kelib, FILAga musobaqalarda ishtirok eta olmaydigan davlatlar ro‘yxati qayd etilgan javob xatini jo‘natdi.
“O‘zingizga ma’lum bo‘lganidek, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Favqulodda holatlar qo‘mitasi Shimoli-g‘arbiy Afrikaning ayrim mamlakatlarida tarqalgan Ebola bezgagini jamiyat salomatligiga xavf tug‘diradigan vaziyat deb baholadi.
Shundan kelib chiqib, 2005-yilgi Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari talablariga rioya qilgan holda, shuningdek, 2014-yil 26-avgust holati bo‘yicha epidemiyaning rivojlanish darajasini hisobga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda o‘tkaziladigan sport kurashi bo‘yicha jahon chempionatiga Gvineya, Liberiya, Syerra-Leone, Nigeriya va Kongo davlatlari sportchilarini taklif qilishdan saqlanishni tavsiya qiladi”, — deyiladi javob maktubida.
Eslatib o‘tamiz, sport kurashi bo‘yicha jahon chempionati 8—14-sentabr kunlari Toshkentdagi “Gimnastika saroyi”da bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)