Angliya Premyer-ligasi 2-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” — “Liverpul” uchrashuvi o‘z nihoyasiga yetdi va unda amaldagi Angliya chempionlari “qizillar”ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi mehmonlar ustunligida o‘tgan bo‘lishiga qaramay, 41-daqiqada mezbonlar gol kiritdi. Moreno o‘z jarima maydonida xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni tepib yubormadi. Natijada Yovetich Minyolening oyoqlari orasidan to‘pni darvozaga yo‘lladi — 1:0.
Ikkinchi bo‘limning 55-daqiqasida chernogoriyalik Yovetich ajoyib uzatma bilan hujumni boshladi. Silva esa to‘pni jarima maydoniga tashladi. U yerda Yovetichning o‘zi to‘pni darvoza tomon aniq yo‘lladi — 2:0.
69-daqiqaga kelib “Liverpul” yana bir qattiq zarbaga duchor bo‘ldi. Bu safar Aguero vitse-chempionlarni ayab o‘tirmadi. Argentinalik hujumchi Lovrendan qochib ketdi va Minyole qo‘riqlayotgan darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi — 3:0.
82-daqiqada Rojers shogirdlari bitta to‘p bilan bo‘lsa ham hisobdagi farqni qisqartirdi. Starrij Demichelisni aldab o‘tib, ajoyib uzatma berdi. Lambert yuqori sakrab, to‘pni to‘g‘ri Xartga yo‘lladi va Sabaletaga avtogol urishda “yordam” berib yubordi — 3:1.
Shu tariqa “Manchester Siti” “Liverpul” ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
APL, 2-tur
“Manchester Siti” — “Liverpul”: 3:1 (1:0)
Gollar: 1:0 — 41 Yovetich, 2:0 — 55 Yovetich, 3:0 — 69 Aguero, 3:1 — 83, Sabaleta (avtogol).
“Manchester Siti”: Jo Xart, Sabaleta, Demichelis, Kompani, Klishi, Yahyo Ture, Fernando, Silva (Navas, 65), Nasri, Yovetich (Fernandinyo, 80), Jeko (Aguero, 68).
“Liverpul”: Minyole, Lovren, A.Moreno, Shkrtel, Jonson, Koutinyo (Markovich, 60), Xenderson, Sterling (Lambert, 79), Allen (Jan, 75), Jerrard, Starrij.
Ogohlantirishlar: Yahyo Ture (29), Jan (76).
Izoh (0)