OFK koeffitsiyentlar jadvalining “klublar” va “terma jamoalar” tomonida kichik o‘zgarishlar yuz berdi. O‘tgan hafta FIFAning yangi reytingi e’lon qilingan bo‘lsa, joriy haftada OChL va OFK kubogining chorak final dastlabki o‘yinlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
OFK koeffitsiyentlar jadvalining G‘arb mintaqasida 4-o‘rin uchun o‘zaro kurash olib borayotgan BAA va Qatar o‘rtasidagi farq shu paytgacha bir ballni tashkil qilayotgan edi. Endi esa ushbu farq 2,5 balldan biroz oshdi. BAA klubi OChL chorak finalida g‘alaba qozongan bo‘lsa, Qatar jamoasi yutqazdi. Shuningdek, Qatar FIFA reytingida ko‘proq ochko yo‘qotdi. Natijada ana shunday farq yuzaga keldi. Xabaringiz bor, jadvalda 3-4-o‘rinlarni olgan mamlakatlarga keyingi ikki yil davomida OChLga “2+2” ko‘rinishida o‘rin ajratiladi. 5-o‘ringa esa — “1+2”.
BAAning klublar tomonida ochko jamg‘arishi evaziga O‘zbekiston va BAA ochkolari orasida farq 0,5 ballga qisqardi (6,5 edi, 6,0 bo‘ldi). Hozirda O‘zbekiston OFK koeffitsiyentlar jadvali bo‘yicha 3-o‘rinda bormoqda.
Ikkala mintaqa jadvalining quyi qismida ayrim mamlakatlarning o‘rinlari o‘zaro almashdi.
Izoh (0)